Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida Bobur tavalludiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi

580

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlarida shox va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, qo‘mondonlik boshqaruv apparatida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova yig‘ilganlarga buyuk bobokalonimiz hayotiga oid qiziqari ma’lumotlar va voqeiy hikoyalarni so‘zlab berdi.

Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar tomonidan tarixiy sahna ko‘rinishlari mahorat bilan ijro etildi. Ahamiyatlisi shundaki, qo‘mondonlikning barcha shaxsiy tarkibi o‘tkaziladigan har bir tadbirga alohida tayyorgarlik ko‘rib, adabiyotimiz durdonalaridan yod olishi yaxshi an’anaga aylangan.

Tadbir yakunida zalda o‘tirgan harbiy xizmatchilarning Bobur Mirzo g‘azallari, ruboiy va tuyuqlarini yoddan o‘qib berishi mehmonlarning alohida e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlardan birida ham Yunusobod tumanidagi 274-sonli maktab o‘quvchilari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda o‘quvchi yoshlar yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etdilar. Boburning yurt sog‘inchini tarannum etuvchi g‘azallaridan parchalar o‘qildi.

Shu kabi tadbirlar qo‘mondonlikning Samarqand viloyati Qo‘shrobod tumanida joylashgan harbiy qismi harbiy xizmatchilari tomonidan ham tuman hokimligi va yoshlar ittifoqi Kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Navoiy viloyati Karmana tumanida Mirzo Bobur tavalludining

537 yilligiga bag‘ishlab muddatli harbiy xizmatchilar bilan o‘tkazilgan tadbirda esa, uning “Boburnoma” va “Hatti Boburiy” asarlari mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritildi.

Qo‘mondonlikning Qashqadaryo viloyatida joylashgan qo‘shilmasi va uning tarkibidagi harbiy qismlarida ham mavzuga oid tadbirlar keng miqyosda rang-barang tarzda tashkil etildi. Xususan, “Buyuk mutaffakkirlar ijodi bilimdoni” mavzusida intellektual ring o‘tkazildi. G‘uzor tumanidagi 14-sonli maktab o‘quvchilari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Muborak tumanida joylashgan harbiy qismga tashrif buyurgan 28-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari buyuk ijodiy meros namunalaridan parcha ijro etdilar.

Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismning targ‘ibot guruhi  “Boychechak” nomli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurdi. Bu erda “Buyuk ajdodlarimizga ta’zim” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Bolajonlar o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, go‘zal kuy-qo‘shiq va raqslarni barchaga namoyish qildilar.

Xulosa qilib aytganda, shox va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining barcha harbiy qismlarida keng miqyosda, jamotchilik vakillari va o‘quvchi yoshlarni jalb qilgan holda o‘tkazildi.

 

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari

qo‘mondonligi matbuot xizmati