Harbiy xizmatchi oliy oʻquv yurtiga kirish uchun tavsiyanomani qanday oladi

555

Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (roʻyxat raqami 3215, 31.01.2020-yil). Nizom Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, DXX va Milliy gvardiyaning qoʻshma qarori bilan tasdiqlandi.

Tavsiyanomalar Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.

Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, tavsiyanomaga ega boʻlgan fuqarolar quyidagilarga:

  • respublikaning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra oʻzlari toʻplagan ballarining 50%i miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga;
  • oliy taʼlim muassasalari (oliy harbiy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladilar.

Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarga berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab 3 yil mobaynida amal qiladi.

Tavsiyanomalar quyidagi parametrlar boʻyicha hisoblangan ballarni hisobga olgan holda beriladi:

  • jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik koʻrsatkichlari;
  • namunali harbiy intizom koʻrsatkichlari;
  • test sinovlaridan oʻtish.

Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha ballarni hisoblash uchun oʻquv fanlaridan qoʻyilgan baholarning yakuniy oʻrtacha koʻrsatkichi asos boʻladi. Baholarining yakuniy oʻrtacha koʻrsatkichi 4,0 dan yuqori boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarga ball beriladi. Bunda baholarining oʻrtacha koʻrsatkichiga qarab quyidagi tartibda ball hisoblanadi:

  • 4,0 dan 4,3 gacha – 10 ball;
  • 4,4 dan 4,7 gacha – 15 ball;
  • 4,8 dan 5,0 gacha – 20 ball.

Harbiy xizmatchi namunali harbiy intizom uchun ragʻbatlantirilganda, unga qoʻshimcha 10 ball qoʻyiladi. Bir nechta marta ragʻbatlantirishlar mavjud boʻlganda ham 10 balldan ortiq ball qoʻyilmaydi. Barcha ragʻbatlantirilishlar harbiy qism komandirlarining buyruqlari bilan eʼlon qilinadi. Barcha hisoblangan ballar Reyting natijalarining yigʻma jadvaliga kiritiladi.

Harbiy xizmatchining jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik dasturlarini oʻzlashtirishini yakuniy baholash, shuningdek ularning bilim darajasini tekshirish uchun quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha test sinovlarini (jami 100 ta savol) oʻtkaziladi:

  • jangovar tayyorgarlik (40 ta savoldan – har bir toʻgʻri javob uchun 1,2 ball);
  • maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik (20 ta savoldan – har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 ball);
  • matematika (10 ta savoldan – har bir toʻgʻri javob uchun 1,0 ball);
  • fizika (10 ta savoldan – har bir toʻgʻri javob uchun 1,0 ball);
  • mantiqiy savollar (20 ta savoldan – har bir toʻgʻri javob uchun 1,0 ball).

Barcha koʻrsatkichlar boʻyicha Yakuniy jadval tuziladi, unda harbiy xizmatchilar toʻplangan ballarning pasayib borish tartibidagi ketma-ketlikda joylashtiriladi.

Tavsiyanoma berish toʻgʻrisidagi yakuniy qarorni qabul qilish maqsadida guruh (boʻlinma), batalyon, vzvod komandirlari, harbiy qism komandiri va uning oʻrinbosarlari, shuningdek muddatli harbiy xizmatchilar ishtirokida yakuniy yigʻilish oʻtkaziladi, unda har bir harbiy xizmatchining barcha koʻrsatkichlar boʻyicha toʻplagan ballari jamlanadi hamda eʼlon qilinadi.

Beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40%idan oshmasligi kerak. Bir nechta harbiy xizmatchilar teng miqdorda ball toʻplaganda istisno qilinadi. Mazkur holatda cheklov doirasiga kirishi lozim boʻlgan oxirgi muddatli harbiy xizmatchi bilan teng miqdorda ball toʻplagan harbiy xizmatchilarning barchasiga tavsiyanoma beriladi.

Xizmat mobaynida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar test sinovlarining natijalaridan qatʼi nazar, tavsiyanoma olish huquqiga ega boʻladi.

Qoʻpol intizomiy xatti-harakatlar sodir etgan muddatli harbiy xizmatchilarga, agar ular boʻyicha xizmat surishtiruvlari oʻtkazilgan va harbiy qism komandirlarining tegishli buyruqlari mavjud boʻlsa, toʻplagan yakuniy ballari miqdoridan qatʼi nazar, tavsiyanoma berilmaydi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 31.01.2020-yildan kuchga kirdi.

Manba: Norma