Professional rol ijro etgan (no)professionallar

958

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy va shox hamda shoir, benazir qalb egasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda oʻzbek mumtoz adabiyoti gultojlari boʻlmish bu ikki ulugʻ siymo hayotiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Tadbir avvalida bu yerga “Turon” harbiy tearti kelishi va tomosha uyushtirishi haqida eshitgan edik.

Oʻzbek, rus, ingliz va fors-tojik tillarida mohirlik bilan sahnalashtirilayotgan tomoshani zavq bilan koʻra turib, harbiy teatr jamoasiga tahsin aytib oʻtirgan edik, bilim yurti boshligʻi polkovnik Farhodjon Ortiqov sahnada rol ijro etayotganlar shu yerning kursantlari ekanligini aytib, hayratimizni oshirdi.

Tarixning chuqur bilimdonlari boʻlmish kursantlar har bir qahramon xarakterini mohirlik bilan oʻrgangani shundoq seziladi. Ayniqsa, ularning chet tillarida bemalol, hech qanday qiyinchiliksiz erkin rolga kirishishi oʻzbek oliy harbiy taʼlim tizimining naqadar yuksalib borayotganidan dalolat berib turardi. Ha, sahnada chindan ham professional rol ijro etayotgan noprofessionallarni koʻrib turibmiz.

Shundan soʻng “Turon” harbiy tearti oʻz chiqishlarini boshladi. “Jaloliddin Manguberdi”, “Temur Malik” sahna koʻrinishlaridan qoʻyilgan parchalar kursantlarning olqishlari bilan kutib olindi.

P/S. Bilim yurti shaxsiy tarkibi ushbu xabarimizni oʻqib, bizni noprofessionalga chiqarishibdi, deb aslo ranjismasin. Chunki teatr yoʻnalishida ijod qilayotgan, uzoq yillik mashaqqatlarni yengib oʻtgan, muxlislar eʼtiborini qozongan el ardogʻidagi sanʼatkorlarni professional deyishadi. Siz oʻz sohangiz boʻyicha professionalsiz. Ammo bugun sahnada oʻzingizga yot boʻlgan sohani ham professional darajada qoyillatdingiz. Baraka toping!

Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti