“Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot…”

1

Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deya qoldirgan oltin satrlari har qaysi zamon va makonda o‘z isbotini topgan.

Shunday ekan ertamizga ega chiqishi muqarrar bo‘lgan bugunning yoshlarini jismonan va ruhan etuk etib tarbiyalash, g‘o‘rlik qilib xato yo‘llarga qadam tashlayotganlariga kamolot yo‘lini ko‘rsatish bugunning ham dolzarb masalasi bo‘lib turibdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Qashqadaryo viloyati Muborak va Nuriston tumanlarida joylashgan harbiy qismlar, shuningdek, O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmagan yoshlarni besh kunlik sog‘lomlashtirish lagerlari tashkil etildi.

Farzandlarimiz qalbida vatanparvarlik hissini mustahkamlash yo‘lida viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi, Ichki ishlar organi xodimlari, Qashqadaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va mahalla faollari elkama-elka turib mehnat qilmoqda.

Harbiy qism ostonasidan orkestr sadolari ostida kirib kelayotgan yoshlarni Vatan himoyachilari iliq kutib olib, ular ongida yurt himoyachisi bo‘lishdek sharafli hisni shakllantirish maqsadida, harbiy liboslar bilan ta’minlashdi. Besh kun davomida harbiylardek ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish, nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash yo‘lida o‘qib o‘rganish, muxtasar aytganda, sog‘lom turmush tarziga guvoh bo‘lgan yoshlarning aksariyati dilida yurt himoyachisi bo‘lish maqsadi shakllandi.

O‘tilayotgan dars va mashg‘ulotlar, qilinayotgan ma’ruzalarning tub mohiyati yoshlar qalbida yurtga sadoqat hissini shakllantirish bilan birga, oldindagi hayotlarida o‘z vaqtlarini qanday tasarruf etish kerakligini o‘rgatishdan iboratdir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

O'rtoqlashing
Oldingi yangilikHarbiylar maktab ochilishida