Harbiylar maktab ochilishida

992

Toshkent viloyati Pskent tumanidagi «Suvti» mahallasida o‘z tarixiga ega, respublikamizning barcha sohalarida ilg‘or mehnat qilayotgan etuk mutaxassis kadrlarni uchirma qilgan 18-maktab bor. Maktab mahallaning chetrog‘ida joylashgani keyingi paytlarda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun biroz noqulaylik tug‘dirayotgan edi.

Mutasaddilar o‘ylab-o‘ylab buning ham samarali echimini topdi. Ya’ni, mahallada yana bir yangi maktab bunyod etildi. Maktab-ku, qurib bitkazildi, endi uning tantanali ochilish marosimini o‘tkazish kerak. Bu borada ham jamoa va mahalla ahlining aql-farositiga tahsin aytish kerak. Ular shunday xayrli ishni Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga ishonib topshirdi. Uning ustiga bugungi kunda ona Vatan himoyasiga kamarbasta bo‘lib xizmat qilayotgan podpolkovnik Hojiakbar Madaliev aynan mana shu mahallada voyaga etgan.

Shunday qilib tumandagi 16-maktab katta tantanalar bilan ochib berildi. Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestri tomonidan chalingan kuy-qo‘shiqlar butun mahallani tutdi.

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Islom Orziqulov boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar tomonidan maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu yangidan bunyod etilgan ta’lim dargohi avvaldan mavjud bo‘lgan 18-maktabdan ajralib chiqqan. Shu bois uning ochilish marosimiga aynan shu maktabda tahsil olgan podpolkovnik Hojiakbar Madaliev va uning quroldosh do‘stlari taklif etilgan edi.

* * *

Kunning ikkinchi yarmida shodiyonalar 18-maktabda davom etdi. U erda «Besh tashabbus maktabimizda» nomli katta tadbir uyushtirilib, unda maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, she’r va qo‘shiqlar tinglandi.

Shuningdek, podpolkovnik H. Madaliev o‘qigan sinfda uning o‘qituvchilari va sinfdoshlari ishtirokida «Rahmat senga, maktabim» nomli uchrashuv o‘tkazildi. Ustozlar va sinfdoshlar beg‘ubor maktab davrlarini eslashdi. Qahramonimizga ilk saboq bergan qalbi daryo o‘qituvchilar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Hojiakbar aka ustozlariga o‘zining arzimas sovg‘alarini ulashdi.

– Hojiakbar bilan hamisha faxrlanib yuramiz. U mahallamizning, biz sinfdoshlarning chinakam faxri! – deydi uning sinfdosh do‘sti Jo‘rabek Salmonov. – Farzandlarimiz ham u kabi Vatan himoyachisi bo‘lishi istaymiz. Bugungi uchrashuv esa bir umrga esda qolarli bo‘ldi.

Islomjon QO‘ChQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti