Inson tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayot

2

Markaziy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari va yoshlar Samarqand garnizonining olis hududlaridagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi xonadonida bo‘lib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda.

Jumladan, Jomboy tumanidagi G‘arovtepa qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 96 yoshli G‘ani ota Tojoboevning xonadoni ham harbiylarning navbatdagi manzili bo‘ldi.

O‘zining tarixiy xotirasi bilan o‘rtoqlashgan G‘ani ota shunday deydi: – Biz tengi avlodning boshimizdan ne-ne savdolar o‘tmadi, deysiz. Mana, bugun baxtli bolalik degan gaplar amalda. Hozirgi yoshlarga havasim keladi. Bizning bolalik chog‘imiz turmush mashaqqatlari, ocharchilik, og‘ir mehnat bilan o‘tgan. Dalada tug‘ilib, dalada o‘sganmiz. Endi voyaga etdik deganimizda, peshonamizda bor ekan, urush ko‘rdik. Yurtimizdan olislarda qon kechib, janglarda ishtirok etdik. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azob-uqubatlarni ko‘rdik. Qavmi-qarindoshlarim bilan ko‘pchilik bo‘lib ketib, kamchilik qaytib keldik. Urushdan keyingi hayotimiz ham oson kechmadi. Shu tarzda hayotning o‘zi tarbiyalab, yo‘lga soldi bizni…

Tashrif davomida yoshlar o‘zlarining yod olganlar she’rlari va go‘zal raqslari bilan otaxonni ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar Nurobod tumanidagi chekka hudud hisoblangan Tim qishlog‘ida bo‘lib, urush faxriysi Boyquvvat otaning holidan ham xabar olishdi.

 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati