Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga. Bog‘ hududida barpo etilayotgan muzeyda ishlar faol davom etmoqda

9

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilayotgan “G‘alaba” bog‘i hududida shakllantiriladigan muzey bo‘yicha ham ishlar qizg‘in davom etmoqda.
Unda Mudofaa vazirligi tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruh ham faol ishtirok etib, Ikkinchi jahon urushiga oid qiziqarli va yangi ma’lumotlarni hamda eksponatlarni to‘plashda munosib hissa qo‘shmoqda.
Ushbu muzeyda xalqimiz tomonidan urush yillarida frontda va front ortida ko‘rsatilgan bemisl jasorat, fidoyilik, bag‘rikenglik va yuksak insoniy fazilatlar aks etadi. Tarixiy voqealarni eksponatlarda, zamonaviy texnologiyalar va interaktiv usullar yordamida aks ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Urush yillarida Respublikamizda umumqo‘shin tuzilmalaridan tashqari 14 ta milliy qo‘shilma va qismlar tashkil etilgan edi. Ko‘pgina jangovar bo‘linmalar Ikkinchi jahon urushining hal qiluvchi operatsiyalarida faol ishtirok etdi va Moskvadan Berlingacha bo‘lgan janglarda qahramonona yo‘lni bosib o‘tdi.


Muzeyda bu boradagi ma’lumotlar jamlanadi. Xalqimizning botir o‘g‘lonlari tomonidan janglarda ko‘rsatilgan qahramonliklar, ularning mamlakat va xorijiy davlatlarning orden va medallari bilan mukofotlanishi, o‘zbekistonlik generallarning fidoyiliklari, razvedkachilarimizning qahramonliklari natijasida fashistlar tomonidan janubdan, ya’ni Afg‘oniston hududidan “Uchinchi front”ni ochish uchun qilingan urinishlar batamom yo‘qqa chiqarilgani, o‘zbek ayollarining urush yillaridagi jasorati, partizanlar harakati safidagi yurtdoshlarimiz haqida materiallar hozir to‘planmoqda.
Bundan tashqari urushda asir tushgan, kontslagerlarda vafot etgan va bedarak ketgan vatandoshlarimiz, O‘zbekiston fuqarolarining “Ishchi batalьoni”ga safarbar qilinishi va undan frontga yuborilishi voqealari ochib beriladi.
O‘sha davrda Respublika xalq xo‘jaligining harbiy izga solinishi, paxta, g‘alla, guruch, kartoshka, meva-sabzavot, quruq meva, uzum, go‘sht, charm-teri mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi texnikalarining frontga jo‘natilishi, evakuatsiya va deportatsiya qilingan turli millatga mansub insonlar – bolalar, ayollar, keksalar, ilm-fan, ta’lim, adabiyot va san’at namoyandalari hamda boshqa soha vakillarini xalqimiz bag‘rikenglik bilan kutib olishi, ularga boshpana berib, mehribonlik va g‘amxo‘rlik namunasini ko‘rsatgani aks ettiriladi.
O‘zbekiston urush yillarida umumittifoq gospitaliga aylangan edi. Xalqimiz front uchun fidokorona mehnat qilishdan tashqari mablag‘ va issiq kiyimlar ham to‘plab topshirgan. Vatanimizda yangi sanoat shaharlari barpo etilib, bir qator zavod, fabrikalar qurilgan, ko‘chirib keltirilganlari joylashtirilgan hamda konlar o‘zlashtirilgan. Shuningdek, yangi temir yo‘l tarmoqlari yotqizilgan.


Xalqimizga va jangchilarga ma’naviy ozuqa ulashish uchun ijodkorlar tomonidan g‘alabaga da’vat etib ko‘plab asarlar yozilgan, filьm va sahna asarlari ishlangan. Nafaqat mamlakat ichkarisida, balki turli frontlarda ham o‘zbek tilida gazetalar chop etilgan.
Muzey fondidan mazkur ma’lumotlar joy oladi. Shuningdek, urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlari qayd etilgan 33 jildlik “Xotira” kitobi, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan nashr etilgan kitob-alьbom va boshqa eksponatlar joylashtiriladi.

Yoshin HAKIMOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti