Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismlaridan birida o‘quvchi yoshlar bilan “Harbiy qismda bir kun” aksiyasi o‘tkazildi

15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining 2018-yil 4-avgust kunidagi PQ-3898-sonli qaroriga asosan Mudofaa vazirligining barcha harbiy qismlarida haftaning juma kuni “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” deb belgilangan.

Qaror talablarini bajarish maqsadida harbiy qismlarda har juma kuni turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda bo‘lib o‘tdi.

Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Farg‘ona harbiy prokuraturasi va xalq ta’limi shahar bo‘limi bilan hamkorlikda yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirish, ularda mehnatsevarlik, iroda kabi insoniy sifatlarni shakllantirish maqsadida “Harbiy qismda bir kun” aksiyasi o‘tkazildi.

Farg‘ona shahridagi umumo‘rta ta’lim maktablaridan jalb etilgan 250 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar bir kun davomida harbiy qismda bo‘ldilar. Ular qism kun tartibiga asosan mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar. Shu maqsadda 40 dan ziyod o‘quv nuqtalari tashkillashtirildi.

Dastlab, o‘quvchilar harbiy qism tarixi bilan tanishdilar. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi, harbiy qism kutubxonasi, harbiy xizmatchilarning dam olishlari uchun mo‘ljallangan madaniy hordiq chiqarish markazi, harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlari bilan tanishdilar.

Yoshlar, shuningdek, harbiy qism oshxonasida harbiy xizmatchilar bilan birga tushlik qildilar.
Xullas, o‘quvchi-yoshlar harbiy xizmatchilarning kun tartibidagi barcha mashg‘ulotlarni ularning rahbarligida bajardilar.

Barcha mashg‘ulotlarda o‘quvchilarning ishtiroki baholab borildi. “Madaniyat markazi”da aksiyaning yakuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarda faol qatnashib, yuqori natijalarga erishgan o‘quvchi-yoshlar harbiy qism qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati