Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassislik bo‘yicha tayyorlash markazida sertifikatlar topshirildi

6

Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonida joylashgan Navoiy viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida 60 nafar kichik mutaxasisilarga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazining asosiy maqsadi va vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatchilar lavozimlarini mutaxassislar bilan to‘ldirish; chaqiriluvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy burchni ongli ravishda bajarishga tayyorlashdan iborat. Bugun anashunday ma’nan etuk bo‘lgan 60 nafar yoshlarga “V, C” toifali haydovchilik hamda radiotelefonist mutaxassiligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tganligi to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.

Harbiy xizmatchilar, davlat va jamaot tashkilotlari vakillari, ota-onalar va yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqan Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Po‘lat Sotvoldiyev, hamda kursantlarning ota-onalari mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida kichik mutaxassislarning o‘rni, ularning salohiyati va mazkur tizim xizmatchilari uchun yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarning ona Vatanimiz sarhadlari mudofaasini ta’minlashdek sharafli va mas’uliyatli vazifalarini munosib ado etishlarida omad tilashdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari uchun qurol-aslahalar, harbiy texnikalar ko‘rgazmasi hamda qo‘l jangi chiqishlari namoyish etildi. Tadbir yakunida viloyat madaniyat bo‘limi xonandalari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar esa ota-onalarni kursant farzandlari bilan diydorlashishiga va raqslarga chorladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati