Yoshlar ustozi harbiylar tomonidan taqdirlandi

0
656

Dildora Sherboyeva uzoq yillardan buyon Termiz shahridagi 8-umumtaʼlim maktabida matematika fanidan yoshlarga saboq berib keladi. Uni yaqindan taniydigan insonlar uning yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan ustozlardan biri sifatida bilishadi.

Dildora Sherboyeva 10-sinf rahbari sifatida maktab oʻquvchilari bilan Termiz va Kakaydi garnizonidagi harbiy qismlarga muntazam tashrif buyurib turadi. Vatan himoyachilari ishtirokidagi tadbirlarda qatnashish orqali oʻz shogirdlarini Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab keladi. Bu borada olib borayotgan ustozning ezgu ishlari munosib baholandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug, Termiz harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat boʻlimi yetakchi mutaxassisi, Mudofaa vazirligi faxriylari Dildora Sherboyeva faoliyat koʻrsatib kelayotgan maktabga tashrif buyurdi. Mehmonlar tashrif davomida jonkuyar matematika oʻqituvchisiga Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun koʻkrak nishonini topshirishdi.

Termiz harbiy prokurorining yordamchisi adliya mayori Otabek Mengliyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat boʻlimi yetakchi mutaxassisi Hanifa Xo‘jayeva, faxriylar ishtirok etgan tadbirda “Jasorat darsi” tashkillatirilib, yoshlarga yurt tinchligini qoʻriqlash kasbini tanlagan insonlarning sharafli kasbi haqida hayotiy hikoyalar soʻzlab berildi.

Dildora Sherboyevaning 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida bunday eʼtirofga sazovor boʻlishi maktab maʼmuriyati va yoshlarni befarq qoldirmadi. Taqdirlash marosimida ishtirok etganlar ustozning ezgu ishlari maktab oʻquvchilari va yoshlarga har tomonlama oʻrnak boʻlishini taʼkidlashdi.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti