Mudofaa vazirligi tizimidagi yurt fidoyilari munosib taqdirlandi

34

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganliginig 28 yilligi munosabati bilan yurtimiz harbiy salohiyatiga munosib hissa qo‘shgan bir qator harbiy xizmatchilarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash haqida Farmon qabul qildi.

Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan bayram marosimida ana shu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Unda jamoatchilik vakillari, harbiylar, Qurolli Kuchlar faxriylari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov kirish so‘zi bilan ochib, barcha yig‘ilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. Shundan so‘ng Prezident Farmoni o‘qib eshittirildi va unga ko‘ra davlat mukofotiga loyiq topilgan – xizmat burchini bajarishda mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar taqdirlandi.

Tantana davomida bir qator harbiylarga esdalik sovg‘alari topshirildi va o‘ndan ortiq ofitserlarga navbatdagi harbiy unvonlar berildi.

Bayram kechasida ishtirok etgan O‘zbekiston xalq shoiri, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo hamda O‘zbekiston Respublikasi ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i Minhojiddin Hojimatov o‘z chiqishlarida mamlakatimiz mudofaa qudrati, harbiy-texnik salohiyatini yuksaltirishda jonbozlik ko‘rsatayotgan harbiylarni Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etishdi.

Asror RO‘ZIBOYeV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti