Muhtasham “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

39

Bugun, 14 yanvar kuni poytaxtimizdagi muhtasham “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, barcha kuch tuzilmalari vakillari: askarlar va serjantlar, ofitserlar va generallar, shuningdek Qurolli Kuchlar faxriylari, senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, diplomatik korpus vakillari hamda xalqaro tashkilotlar xodimlari, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Davlatimiz madhiyasi yangradi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov o‘qib eshittirdi.

Vatan himoyachilarining sharafli kasbini ulug‘lovchi tantanali marosimning badiiy qismida el sevgan san’atkorlar bayram ishtirokchilariga ko‘ngilochar qo‘shiqlar guldastasini armug‘on etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti