Bog‘cha tarbiyalanuvchilari «Men ham Vatan himoyachisiman!» ko‘rik-tanlovida bellashdi

22

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi «Men ham Vatan himoyachisiman!» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.

Unda tanlovning tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 11 ta jamoa uchta shart asosida bellashdi.

Tanlovda Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i podolkovnik Bahrom Qosimov, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi boshlig‘i Janna Pak mamlakatimizda bolalarni kichik yosh davridanoq harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, barcha jamoalarga omad tiladi.

Har bir jamoadan besh o‘g‘il, besh qiz qatnashgan bellashuvda jamoalar turli-tuman shartlarga puxta tayyorgarlik ko‘rgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Dastlab harbiy-jismoniy mashqlar bo‘yicha chiqishlar namoyish etildi. Keyingi shartda jajji tarbiyalanuvchilar biyron tillari, aktyorlik qobiliyatidan foydalanib, badiiy-estetik yo‘nalishdagi sahnali ko‘rinishlar ijro etdi. Oxirgi shartda bolajonlarning «Ona Vatan», «O‘zbekiston Qurolli Kuchlari» mavzularidan birida rasm chizish mahorati sinovdan o‘tkazildi.

– Ushbu tanlovda jamoalarning libosi, sahna madaniyati, ijro mahorati kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Gulchehra Eshonqulova. – Tanlov orqali bolalarda harbiylik kasbini egallashga ishtiyoq uyg‘ongan bo‘lsa, ajab emas. Ularning hammasi harbiy bo‘lmasa ham, kelgusida yurtiga sodiq, uning ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadigan chinakam vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishi shubhasiz.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi 433-maktabgacha ta’lim tashkiloti kichkintoylari 1-o‘rinni egalladi. Shayxontohur tumanidagi 84-MTT tarbiyalanuvchilari ikkinchi va Chilonzor tumanidagi 534-MTT jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘oliblarga kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Faol jamoalar ham munosib taqdirlandi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunkitsiyalar departamenti