Sohibqiron haykali poyiga gulchambar qo‘yildi

20

Har yili Vatan himoyachilari bayrami hamda Xotira va Qadrlash kuni arafasida sohibqiron Amir Temur poyiga gulchambar qo‘yish an’ana tusiga kirib qolgan.

Qurolli Kuchlar akademiyasi shaxsiy tarkibi bu an’anani davom ettirib, buyuk sarkarda xotirasini yana bir marta yodga olishdi.

Tantanali marosimda Davlatimiz madhiyasi yangrab, sohibqiron Amir Temur haykali qarshisida akademiya shaxsiy tarkibi hamda faxriylar saf tortishdi. Kursantlar hamda harbiy xizmatchilar hurmat va ehtirom ramzi sifatida sohibqiron Amir Temur poyiga gulchambar qo‘yishdi.

Shundan so‘ng polkovnik Iqboljon Abdurahmonov, podpolkovnik Davron Usmonov, podpolkovnik Kamiljon Nasirov va akademiyaning 3-bosqich kursanti Shoxruh Boliqulov o‘z chiqishlarida buyuk sarkardaning hayot yo‘li, harbiy strategiyasi, o‘gitlari va xalqimiz uchun qoldirgan boy merosi haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Ayniqsa, kursant Shoxruh Boliqulov tomonidan o‘qib eshittirilgan Vatan, Amir Temur haqidagi she’rlari gul qo‘yish marosimiga kelganlar va bu vaziyatni katta qiziqish bilan kuzatib turgan poytaxtimiz mehmonlarining olqishiga sazavor bo‘ldi.

Marosim yakunida Qurolli Kuchlar akademiyasi shaxsiy tarkibi Amir Temur muzeyi, u yerdagi boy tarixiy eksponatlarni tomosha qilishdi.

Mudofa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti