Harbiylar Qodiriy ijod maktabiga sayohat qilishdi

15

Abdulla Qodiriy ma’naviy merosidan bahramand bo‘lmagan, uning o‘lmas asarlari, badiiy g‘oyalari kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Ulug‘ adib yaratgan obrazlar millat tarbiyasi, bo‘z yigitlar g‘ururini o‘stirishga xizmat qiladi. Xususan, Otabek, Anvar kabi obrazlar har bir o‘zbek o‘g‘loni uchun komillik timsolidir…

Mudofaa vazirligi tizimida harbiy xizmatchilaring o‘quv yili davomida o‘zlashtirish uchun belgilangan adabiyotlar orasida Qodiriy bobomiz asarlari alohida ardoq bilan qayta-qayta mutolaa qilinadi. Ayniqsa, muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askarlarning harbiy qism kutubxonasidagi qayd daftarchalariga ahamiyat qaratsangiz, Qodiriy bobomizning asarlariga ko‘plab murojaat etilganiga guvoh bo‘lasiz…

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismning bir guruh Vatan himoyachilari Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, muzey va “Turon” kutubxonasiga ekskursiya uyushtirdi.

Dastavval, ijod maktabining havas qilsa arzigulik jamoasi, ilmga chanqoq o‘quvchilarining dars jarayonlari bilan tanishgan harbiy xizmatchilar, yoshlarga harbiy xizmatning sharafi va mashaqqati xususida so‘zlab berdi. Turli fanlar bo‘yicha savol-javoblar qildi.

Shundan so‘ng, Qodiriy bobomiz hayoti va ijodi, XX asrning birinchi choragidagi adabiy muhit, san’at va madaniyat haqida “so‘zlovchi” eksponatlar muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askarlarda katta taassurot qoldirdi. O‘ziga xos zamonaviy dekarativ bezaklar kishiga turli kayfiyat ulashadi.

– Harbiy qismimizda kechki informatsion dasturlarda Prezidentimizning Abdulla Qodriy ijod maktabi va muzeyga tashrif buyurganlarini ko‘rib, muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askarlar ham mazkur dargohga borish istagini bildirdi. Bu, albatta, ularning tasavvurini boyitadi. O‘zlari sevib o‘qiydigan adib haqida yanada ko‘proq ma’lumot olishlari uchun ham asqotadi, – deydi mayor Ulug‘bek Panjiyev.

Ulkan taassurotlar og‘ushida kechgan ekskursiya yakunida harbiy xizmatchilar muhtasham “Turon” kutubxonasining boy badiiy xazinasini ko‘zdan kechirdi.

Alibek OMONTURDIYeV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti