Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilariga yana bir bayram sovg‘asi

7

Bu yilgi Vatan himoyachilari kuni Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Andijon viloyatida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun ham unutilmas voqealarga boy bo‘ldi.

Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida ushbu harbiy qismda ko‘rkam, qulay, barcha zarur shart-sharoitlarga ega zamonaviy harbiy shaharcha qurib foydalanishga topshirildi. Shaharchada jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish xonasi, madaniyat markazi, tibbiyot muassasasi, o‘quv binosi, ikki qavatli yotoqxona, sport majmuasi, qorovulxona va qorovullarni tayyorlash shaharchasi qad rostladi. Shtab binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Harbiy qismga kirib borar ekansiz, landshaft dizayni bilan ko‘kalamzorlashtirilgan yo‘laklarni ko‘rib, bahri dilingiz ochiladi. Binolar tomon yurganingizda yo‘l bo‘ylab tizilgan fotosuratlar orqali milliy armiyamizdagi islohotlar bilan tanishib boraverasiz.

Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik sinflari, kutubxona, elektron kutubxona, yoshlar ittifoqi harbiy qism boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi xonasi hamda Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan besh muhim tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarni o‘z ichiga olgan o‘quv binosida nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila a’zolari, farzandlari uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan.

Mazkur shaharchaning ochilish marosimida qo‘shinlar qo‘mondoni, Andijon viloyati va Xonobod shahar hokimligi vakillari, keng jamoatchilik a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Urf-odat va an’analarga ko‘ra, Andijonliklar mehmonlarni non-tuz bilan qarshi oldilar.
Qo‘shinlar qo‘mondoni polkovnik Jur’at Yaqubov barchani bayram bilan muborakbod etib, harbiy qism shaxsiy tarkibi yaratilgan bunday sharoitlardan oqilona foydalangan holda, jangovar-xizmat faoliyatida yanada yuqori natijalarga erishishiga ishonch bildirdi. Shunday so‘ng harbiy shaharchaning ramziy va yengil avtomashina kalitlari tantanali tarzda topshirildi.

Mehmonlar binolarni havas bilan ko‘zdan kechirar ekanlar, bu kabi g‘amho‘rlik har qanday insonni ruhlantirishi va yangi marralar sari olg‘a undashini ta’kidladilar. Harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari va o‘quvchi yoshlar tomonidan besh tashabbusning har bir yo‘nalishi bo‘yicha qilingan ko‘rgazmali chiqishlar ham hech kimni befarq qoldirmadi.
Xonobod shahar madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati