Poytaxtimizda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi

24

Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ushbu tadbir Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari Sharif Mo‘minjonov, Mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Xamdam Karshiyev «Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!» shiori ostidagi bunday marafonlar mamlakatimizning barcha viloyatlarida yuqori saviyada tashkil etilayotganini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Qurolli Kuchlar davlat muzeyidan start olgan marafonda poytaxtimizdagi minglab yigit-qizlar, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalardagi harbiy xizmatchilar, oliy harbiy hamda sport ta’limi muassasalarining professional va havaskor atletlari ishtirok etdi.

Yugurish yo‘lagining ikki yoni bo‘ylab yurtdoshlarimiz qariyb o‘n kilometrlik (9300 metr) masofani bosib o‘tgan musobaqa ishtirokchilarini olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlab turdi.
Muhtasham «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyi maydoni oldidagi marra chizig‘ini birin-ketin kesib o‘tgan chopag‘onlar musobaqasida erkaklar va xotin-qizlar orasidan alohida g‘oliblar aniqlandi.

Jumladan, erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston yengil atletika terma jamoasi a’zosi Yevgeniy Fadeyev 1-o‘rinni egalladi. Otabek Toshquvvatov (Mudofaa vazirligi) ikkinchi va Zikrillo Mamatqulov (Ichki ishlar vazirligi) uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Xotin-qizlar o‘rtasida esa «Rio – 2016» olimpiadasi ishtirokchisi, Mudofaa vazirligi sportchisi Marina Xmelevskaya mutloq g‘olib bo‘ldi. Nurxon Muhiddinova (Mudofaa vazirligi) va Kamola Ablayeva (O‘zbekiston yengil atletika terma jamoasi) kuchli uchlikni to‘ldirdi.
G‘oliblarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan ta’sis etilgan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Katta sport festivaliga aylangan yugurish musobaqasi bayramona konsert dasturiga ulanib ketdi.

El ardog‘idagi san’atkorlar, taniqli xonandalar, qolaversa, Mudofaa vazirligi markaziy harbiy orkestrining badiiy-musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti