Toshkentda bayram arafasida mingga yaqin harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kaliti topshirildi

9

Bugun, 12 yanvar kuni poytaxtimizning Yashnabod tumanidagi “Olmos” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun bunyod etilgan ko‘p qavatli uy-joylarni o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bayramona tadbirda Mudofaa vazirligi, Toshkent harbiy okrugi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Toshkent shahar hokimligi, “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi va qator tashkilot vakillari ishtirok etib, xonadon sohiblarini yangi turarjoy – “Vatan ichidagi Vatan”, qolaversa, yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etishdi.

Barchamizga ma’lumki, ushbu uylar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan barpo etilgan.

Bayramona tadbirda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun jami 11 ta 7 qavatli 462 xonadondan iborat ko‘p qavatli uy-joylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Eng sharafli kasb egalari bo‘lmish harbiy xizmatchilar va ularning oilasi, farzandlari ko‘zlaridagi bu kungi quvonchni hech narsaga almashib bo‘lmaydi. Chunki ular endilikda yangi va zamonaviy talablar asosida qurilgan yorug‘ va shinam xonadonlarda istiqomat qilishadi.

Harbiy orkestr va ansambl tomonidan namoyish etilgan kuy va raqslar, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari, taniqli san’atkor va so‘z ustalarining qo‘shiq va hazillari barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Ma’lumot o‘rinda aytish joizki, “Olmos” MFY hududida Mudofaa vazirligi xarbiy xizmatchilari uchun 2018 jami 900 xonadondan iborat 31ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, ushbu uylarning birinchi qavatidan 4 ta bolalar bog‘chasi va 1 ta oilaviy poliklinika ham o‘rin olgan.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida bayram shukuhi Sergeli tumani 8 qurilish hududida joylashagan yangi turarjoy majmuasiga ham ko‘chdi.

Bu yerda ham 11 ta 7 qavatli 438 xonadondan iborat ko‘rkam uylarning kalitlari harbiy xizmatchilarga tantanali topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati