Jizzax garnizonida kuch tuzilmalar bilan hamkorlikda o‘tgan tadbirda 500 ga yaqin yoshlar qatnashdi

9

Jizzax garnizonidagi kuch tuzilmalar bilan hamkorlikda «Men ham harbiy bo‘laman!» mavzusida harbiylar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug va Milliy gvardiya qo‘mondonligi, DXX Chegara qo‘shinlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh harbiy xizmatchilar, o‘quvchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazida o‘tkazildi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ulug‘bek Do‘smatov so‘zga chiqib, milliy armiyamizdagi o‘zgarish va yangilanishlar, 2020 yilda okrug qo‘mondonligi oldida turgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Dastlab, tadbir davra suhbati tarzida o‘tkazildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Shuningdek, Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabining iste’dodli o‘quvchilari harbiy xizmatchilar va yoshlarning tasviriy suratlarini chizib borishdi va tadbir yakunida suratlar egalariga sovg‘a qilindi.

500 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etgan mazkur tadbirda harbiylar tomonidan kuy-qo‘shiqlar, saf va qo‘l jangi ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati