G‘azalkentda “Vatanparvarlik oyligi” tadbiri katta shodiyonaga aylanib ketdi

11

Toshkent viloyatining G‘azalkent shahrida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida katta ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari, keng jamoatchilik vakillari, shahardagi maktab va kollej o‘quvchi yoshlari hamda shahar ahli faol ishtirok etdi.

Tadbir harbiy texnikalar namoyishi bilan boshlandi. Yoshlarning zirhli texnikalar va sharafli kasbga bo‘lgan qiziqishi ular berayotgan savollardan ham anglashilib turibdi.

Shundan so‘ng, shaharning iste’dodli jajji bolajonlari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlarga navbat berildi. Harbiylar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Vatan himoyachilarining qo‘l jangi chiqishlari yig‘ilganlar tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi.

Ha, G‘azalkentda vatanparvarlik tadbiri shunday bo‘ldi.

Islomjon QO‘ChQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti