Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida yangi, zamonaviy bino foydalanishga topshirildi

7

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining “Yuqumli kasalliklar” binosi kapitaldan ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

Unda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Xamdam Karshiyev, Respublika Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori – Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh infeksionisti, tibbiyot fanlari doktori, professor Erkin Musaboyev, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Nargiza Parpiyeva va boshqa mehmonlar ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar bugun harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash vazifasi ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ichida salmoqli o‘rin egallayotganini, shu kungacha sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar qilinganini, o‘tgan davr mobaynida Mudofaa vazirligida qo‘shinlarning tibbiy ta’minotini takomillashtirish borasida bir qator ustuvorlikka erishilgani alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Ramziy lentalar qirqildi. Mehmonlar bino ichkarisiga kirishdi. Keng, yorug‘ va shinam yo‘laklar, ozoda va ko‘rkam xonalar kishining bahri dilini ochadi. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, unda jadal davolash, havo-tomchi va ichak infeksiyasi, teri-tanosil va sil kasalliklari bo‘limi joylashgan. Zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan ta’minlangan labarotoriya esa bemorlarga to‘g‘ri, aniq tashxis qo‘yish va sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim omil bo‘ladi.

Mehmonlar harbiy shifokorlar boshchiligida binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, yil sayin zamonaviy qiyofa kasb etayotgan Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalidagi yangilanishlar hukumatimizning harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligining yorqin ifodasi ekanligini e’tirof etishdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda Qurolli Kuchlar faxriylarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, Mudofaa vazirligi tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlariga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bir guruh tibbiyot xodimlari rag‘batlantirildi.

Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti