Harbiylar ishtirokidagi navbatdagi “Vatanparvarlik oyligi” tadbiri Oybek uy-muzeyida bo‘lib o‘tdi

21

“Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlardan biri poytaxtimizda joylashgan Oybek uy-muzeyida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek adabiyotshunosligining yirik darg‘alaridan biri, yozuvchi, shoir va navoiyshunos adib Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning 115 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda, Mudofaa vazirligi toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari, yozuvchi, shoir va adabiyotshunoslar, keng jamoatchilik vakillari hamda o‘quvchi yoshlar ishtrok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar adibning ijodi, hayot yo‘li va shu yo‘lda unga ko‘makchi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Zarifa Saidnosirova haqida so‘z yuritdilar.

Tadbir davomida Zarifa Saidnosirova qalamiga mansub “Oybegim mening” asarining rus tiliga tarjima qilingan nashri taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar uchun uy-muzeyi bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi. Ekskursiya davomida adib qalamiga mansub kitoblar, Oybekning ijod xonasi, tarixiy eksponatlar, rafiqasi Zarifa Saidnosirova bilan yozishmalari xususida ma’lumotlar berildi.

Nozima MAMATOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti