Aydarko‘l sohillarida ilk bor harbiylar va ovchilar ishtirokida hamkorlikdagi o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi

55

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan hamkorlikda ekstremal sharoitlarda yashovchanlik bo‘yicha ikki kunlik o‘quv uslubiy yig‘in o‘tkazdi.

Jizzax viloyatida joylashgan Aydarko‘l sohillarida o‘tkazilgan yig‘inda 60 ga yaqin ovchilar va harbiylar ishtirok etdi.

Dastlab, hududda dala chodirlari tikildi hamda harbiy qurol-aslahalar va ov uchun mo‘ljallangan qurollar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda har bir qurolning o‘ziga xos jihatlari va uning xususiyatlari o‘rganildi.

Yig‘inning birinchi kuni sohildan yegulik izlash bilan boshlandi. Harbiylar va ovchilar guruhlarga bo‘linib, ovchi itlar yordamida iz olish, uni qidirib topish, qayiqlarda yordamida baliq ovlash kabi mashg‘ulotlariga jalb etildi.

– Harbiylar va ovchilar o‘rtasida o‘quv uslubiy yig‘in ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Ikki kasbni bir-biriga o‘xshash jihatlari ko‘p, – deydi Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Po‘lat Sotvoldiyev. – Merganlik, jismoniy chiniqqanlik va ekstremal sharoitlardan yashab ketish kabi jihatlar bu ikki kasbni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bu yerda olov yoqish, ovlangan parranda va baliqni ovlash, go‘shtidan har xil turdagi taomlar tayyorlash kabi amallar bajarildi. Tajriba va natijalar gulxan atrofida muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘inda qush va hayvonlar ovozini o‘xshatish va ularni o‘ziga jalb qilgan holda ov qilish mahoratlari borasida tajriba almashildi.

Yig‘in yakunida harbiylar va ovchilar tomonidan yegulik uchun ovlangan hayvonlar, parrandalar hamda baliqlar sarhisob qilindi. Unga ko‘ra, mahoratli ovchilar, baliqchilar aniqlandi.

Eng ilg‘or ovchi va harbiylarga okrug qo‘mondonligi tomonidan faxriy yorliq va diplomlar topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati