Jismoniy tayyorgarlik va sport mutaxassislari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi

0
1263

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jismoniy tayyorgarlik va sport mutaxassislari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin boʻlib oʻtmoqda. Qurolli Kuchlar akademiyasida boʻlib oʻtayotgan ushbu yigʻinda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari jismoniy tayyorgarlik va sport mutaxassislari tarkibining nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirish, rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish va qoʻshinlarda tatbiq qilishdan iborat.

Mashgʻulotlar professor oʻqituvchilarni jalb etgan holda olib borilmoqda. Unda harbiy tibbiy tayyorgarlik, odam anatomiyasi, armiya sporti, sport psixologiyasi, tibbiy tadbirlar, toʻgʻri ovqatlanish va vitaminlarni toʻgʻri qabul qilish tartibi, valiologiya kabi bir qancha yoʻnalishlarda oʻrganilgan yangi metodikalar mutaxassislar tomonidan yigʻin ishtirokchilariga yetkazilmoqda.

Sohaga kiritilgan yangiliklar, qulayliklar hamda meʼyorlarni oʻz ichiga qamrab olgan yigʻin ishtirokchilarda qiziqish uygʻotish bilan bir qatorda, bilimlarini ham oshirishga xizmat qilmoqda. Mudofaa vazirligi tizimida xizmat faoliyatini olib borayotgan jismoniy tayyorgarlik va sport mutaxassislarining oʻtgan yildagi qilingan ishlari tahliliy va tanqidiy koʻrib chiqish bilan bir qatorda, kelgusidagi qilinishi kerak boʻlgan ustivor vazifalar ham belgilab berildi. Shuningdek, nazariy bilimlar bilan bir qatorda, tosh koʻtarish, qoʻl jangi va nishonga pichoq uloqtirish boʻyicha mutaxassislar tomonidan yigʻin ishtirokchilari uchun koʻrgazmali namoyishlar ham boʻlib oʻtdi.

– Bugungi uslubiy yigʻinda oʻzimning valiologiya va jismoniy va ruhiy salomatlik mavzusidagi maʼruzam bilan ishtirok etdim, – deydi Gulshod Avizova. – Insonning jismi sogʻlom boʻlishi uchun avvalo toʻgʻri ovqatlanish tartibini yoʻlga qoʻyishi kerak. Vaqt oʻtishi bilan turli ichki xastaliklarning kelib chiqmasligi uchun ham kun tartibidagi ovqatlanish ratsioniga qatʼiy rioya qilinishi maqsadga muvofiq. Bunda organizm uchun foydali boʻlgan, oqsil va turli vitaminlarga boy tabiiy mahsulotlarni isteʼmol qilish, ham aqliy faoliyatni, ham jismoniy qudratni taminlaydi. Harbiy xizmatchi faoliyati davomida har doim sergak, jasur va sogʻlom boʻlishi talab etiladi. Shunday ekan, nonushtaga doim sut va sut mahsulotlari, tushlikka esa hazmi ogʻir boʻlgan mahsulotlar, kechki yeguliklar orasida imkon qadar mevali va sabzavotli taomlarni tanavvul qilish toʻgʻri boʻladi. Agar manashu ratsionga amal qilinsa, hech bir vitaminli qoʻshimchalarga hojat boʻlmaydi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti