Samarqand “Temurbeklar maktabi” g‘olib

64

“Temurbeklar maktabi” – jaranglashini qarang!

Bugun ushbu ta’lim muassasalariga havas qilmaydigan yoshlarni topish mushkul. Muqaddas dargohda tahsil oluvchilar nafaqat harbiy hayotga jismonan chiniqib tayyorlanadilar, balki aqlan rivojlanib, barcha fanlardan o‘zlashtirishda namuna ekanliklarini ko‘rsatmoqdalar.

Binobarin, yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar ham g‘amxo‘rlikka munosib javob qaytarish lozimligini anglatadi.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari o‘rtasida matematika va fizika fanlaridan olimpiada (ikkinchi Respublika bosqichi) o‘tkazildi.

Unda saralangan yoshlar yana bir bor saralandi. Ishtirokchilarning barchasi jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan, aniq fanlarning sir-sinoatlarini chuqur o‘zlashtirgandi. Shuning uchun ham bunday sinovlarni mag‘lubiyatsiz deyish mumkin. Chunki o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikma har qanday natijada ham siz bilan qoladi.

Qizg‘in kechgan olimpiadada birinchilikni qo‘lga kiritgan Samarqand “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari kelgusida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan xalqaro olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.

2-o‘rin Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”, 3-o‘rin esa Urganch “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilariga nasib etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti