Harbiy qismga bayram arafasida mudofaa vazirining sovg‘asi topshirildi

31

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlarida Vatan himoyachilari kuni arafasida qator yangi binolar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, qo‘mondonlik bo‘linmalarining deyarli barchasida ulkan bunyodkorlik ishlari olib borildi. Ana shunday quvonchli voqealarning navbatdagisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanidagi xarbiy qismda yangidan bunyod qilingan askarlar oshxonasi va Mudofaa vazirining sovg‘asi “Neksiya-3” yengil avtomashinasini tantanali topshirish marosimi bo‘ldi.

Ushbu tadbirda Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonining moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Jamshid Musurmonov, qo‘mondonlik kadrlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Xudayor Qalandarov, Taxiatosh tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulfiya Saparova hamda boshqa bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olganlar shaxsiy tarkibni bayram bilan muborakbod etib, jangovar-xizmat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar, foydalanishga topshirilgan bino va yengil avtomashina harbiy xizmatchilarni yanada ruhlantirib, xizmatda shijoat va mardlikni oshirishiga ishonch bildirdilar.

Shundan so‘ng, ramziy lenta kesildi va yengil avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Bayram munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar, shuningdek harbiy xizmatchilarga dastlabki va navbatdagi harbiy unvonlarni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir qatnashchilari 100 kishiga mo‘ljallangan askarlar oshxonasini ko‘zdan kechirar ekanlar, bu yerdagi shart-sharoit va qulayliklardan mamnun bo‘ldilar.

Bir so‘z bilan aytganda, harbiy qismga tashrif chin ma’nodagi bayramga aylandi.

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati