Navoiy viloyatida askar onalari sharaflandi

30

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan harbiy qismlar muddatli harbiy xizmatchilari va ularning onalari uchun bugun kutilmagan, hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi.

Xususan, bayramona dasturxon yozilib tashkil qilingan “Askar onalarini sharaflaymiz!” tadbirida Navoiy viloyatidan Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga o‘z yigitlik burchini o‘tash uchun yuborilgan muddatli harbiy xizmatchilarning onalari taklif qilindilar.

Dastlab, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, keng jamoatchilik vakillari hamda faxriylar barchani bayram bilan muborakbod etdilar.

Shundan so‘ng muddatli harbiy xizmatchilarning bayram tabriklari yozib olingan videolavha namoyish qilindi.

Biroq, tadbirning eng hayajonli daqiqalari hali oldinda edi. Boshlovchilar barchaning diqqatini kirish eshiklari tomon qaratganda, musiqa sadolari ostida qo‘llarida guldastalar bilan shaxdam qadam tashlab kirib kelayotgan askar o‘g‘illarini ko‘rib, onajonlari quvonch ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadilar. Shirin diydor onlari she’ru, qo‘shiqlarga, raqslarga ulanib ketdi.

Shu kuni harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning volidalari ham tadbirga taklif etilib, ularga alohida ehtirom ko‘rsatildi, sharaflandi.

Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlari, shuningdek harbiy qismlarning o‘quv-uslubiy bazasi, moddiy ta’minot me’yorlari ham yig‘ilganlarga namoyish qilindi.

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati