Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilarini viloyat hokimi bayram bilan qutladi

25

Bugun, 9 yanvar kuni Markaziy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov harbiy xizmatchilari bilan uchrashdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Qahramon Achilov o‘z so‘zida harbiy-ma’muriy sektor bilan hamkorlikda bugungi kunda yangi ko‘rinishdagi harbiy qism va poligonlar bunyod etilgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi harbiylarni bayram bilan qutladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Nizom Mamajonov viloyat hokimini harbiylar nomidan Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi.

Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda ilg‘or natija ko‘rsatgan harbiylar viloyat hokimi tomonidan rag‘batlantirildi.

Shundan so‘ng hokim harbiylar bilan askarlar oshxonasida tushlik qildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati