“Otam, onam va men – sportchi oila”

35

Chirchiq shahridagi 24-sonli umumta’lim maktabida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari oila a’zolari o‘rtasida “Otam, onam va men – sportchi oila” sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada ishtirokchi oilalar beshta – 100 metrga yugurish, to‘siqlardan o‘tish, arg‘imchoqda sakrash, oyoqda to‘pni belgilangan manzilga olib borish va arqon tortish sharti bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan musobaqada nafaqat ota-onalar, balki bolalar ham shartlarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka intilishdi va bir-biridan qolishmaslikka harakat qilishdi.

Shu o‘rinda oila bekalari – onalarning ishtirokiga alohida to‘xtalib o‘tsak. Qizg‘in tus olgan bellashuvlarda ayollarning faolligi g‘alaba uchun zamin yaratdi. Bekalar ham turmush o‘rtoqlaridan qolishmay shartlarni hech qanday qiyinchiliksiz, mohirlik bilan ado etishdi. Bu esa ularning musobaqalarga astoydil tayyorlanib kelganliklaridan dalolat beradi.

– Oila bekalarining musobaqalardagi faolliklaridan hursand bo‘ldik, – deydi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Dilbar Husanova. – Demakki, yildan-yilga ayollarimizning sportga qiziqishlari ortib boryapti. Sog‘lom avlod yaratuvchisi ayollar ekanligini hisobga olsak, bugungi tadbirning qimmatini anglaymiz.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti