Prezident maktabi o‘quvchilari Qurolli Kuchlar akademiyasida

0
650

Bugungi globallashuv davrida yoshlarni noan’anaviy usullar bilan kreativ fikrlash va tahlil qilishga o‘rgatish, ularni ilm-fanga oshno qilish kattalar oldidagi mas’uliyatli vazifadir. Shunday ekan, hozirgi fan-texnika rivojlangan davrda yoshlarning ko‘nikmalari nazariya va amaliyot bilan bir butunlikda boyitib borilsa, kelajakda ulardan yurt ravnaqiga hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar yetishib chiqishiga ishonsa bo‘ladi.

Kecha, 1-noyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘ldi. Ushbu ekskursiya yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, o‘quvchilarning jismoniy chiniqishini rivojlantirish, ularning hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida tashkillashtirildi.

O‘quvchilar kursantlarning mashg‘ulot o‘tashi uchun maxsus jihozlangan jangovar texnikalardan foydalanar ekan, bir muddat o‘zlarini Vatan posboni sifati his qilib ko‘rdi. Darhaqiqat, jangovar texnikalar, tanklar va trenajyorlarning haybati yoshlarni chinakamiga hayratga solgan bo‘lsa ajabmas.  

Shuningdek, o‘quvchilar muassasada mavjud harbiy sohaga oid tarixiy manbalar, 45 mingga yaqin kitob saqlanadigan kutubxona hamda axborot-resurs markazi bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega bo‘ldi.  

Ekskursiya so‘nggida o‘quvchilar suzish havzasi va mashg‘ulotlar zalida bo‘lib, u yerda sportchi yoshlar ishtirokida olib borilayotgan mashg‘ulotlarni katta qiziqish va havas bilan kuzatdi.

Qurolli Kuchlar akademiyasiga bo‘lgan bir kunlik sayohat davomida shuni angladikki, istiqlol yoshlarga mana shunday keng imkoniyatlar eshigini ochib berayotgan ekan, ertamiz egalarining ko‘ksidagi shijoatu g‘ayrat hech qachon so‘nmaydi.

Azim AXTAMOV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti