Uch viloyat faxriylari Samarqandning tarixiy qadamjolarini ziyorat qilishdi

0
564

Salkam 3000 yillik tarixga ega bo‘lgan va hamisha navqiron Samarqandning qaysi bir go‘shasiga nazar solmang, ulkan yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlariga ko‘zingiz tushadi. Hududda saqlangan va xalqimiz tomonidan asrlar davomida e’zozlanib kelinayotgan arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar insonga estetik zavq va ma’naviy ozuqa ulashadi.

Hukumatimizning “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mamlakatimizda 1 noyabrdan 30 noyabrga qadar “Keksalar turizmi oyligi” etib belgilandi. Shu boisdan Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida istiqomat qiluvchi faxriy harbiy xizmatchilarning Samarqand shahri bo‘ylab sayohat qilishlari uchun imkon yaratildi.

Sayohat davomida shaharning qadimiy serjilo me’morchilik obidalari bilan tanishib, o‘rta asrlarda bunyod etilgan moviy gumbazli maqbarayu madrasalar, muazzam minoralar va o‘lmas obidalar bilan faxriylar yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, bugungacha saqlanib qolgan va mislsiz ma’naviy qudratga ega bo‘lgan ajdodlarimizni yodgorliklarini asrab-avaylash bugungi kun avlodlarining burchi ekanligini his qilish bilan ichki turizmni rivojlantirishga har bir yurtdoshimiz hissa qo‘shishi zarurligini his qilishdi.

Ko‘hna obidalarni ziyorat qilgach, faxriylar va yoshlar Samarqand shahridagi ma’rifat o‘choqlari bo‘lgan kutubxonalar va muzeylar bo‘ylab sayohat qildilar.

Muzey bo‘ylab ekskursiya davomida keksa avlod vakillari Samarqand tarixiga oid eksponatlar bilan tanishdi, shuningdek o‘tmishni yodga olib, yosh harbiy xizmatchilar va yoshlar ijrosida kuylangan diltortar navolar ostida o‘zaro fikr almashdi.

Kelgusida bunday sayohat birgina Samarqand shahriga emas, balki respublikamizning turli xil diqqatga sazovor bo‘lgan maskanlariga ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati