Toshkentda “Vatan tayanchi” harakati a’zolariga ko‘krak nishonlari topshirildi

0
1648

Bugun poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining 400 ga yaqin aʼzolariga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkurafiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etdi. 

2022-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandi. Bu oʻz navbatida, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha yoʻnalishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangicha shakli hisoblanadi.

Qarorda davlat umumtaʼlim maktablarida taʼlim olayotgan 10—11-sinf oʻquvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor boʻlgan 20 nafar yoshlarni saralab olish orqali “Vatan tayanchi” otryadlarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, qarorda “Vatan tayanchi” otryadlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli idora va tashkilotlarga vazifalar, otryad aʼzolarining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar otryad a’zolariga ushbu sharafli nishonni taqib yurishga munosib boʻlibgina qolmasdan, kelgusida oʻz tengdoshlaringiz orasida haqiqiy vatanparvar, yetakchi va tashkilotchi boʻlishingiz zarurligini ta’kidlashdi. 

Bugungi tadbirda Toshkent shahridagi eng faol boʻlgan 15 ta “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolariga “Vatan tayanchi” harakatining nishonlari topshirildi. 

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti