Jizzaxda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
622

Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning 100 nafari uchun tashkil etilgan oʻn kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini oʻz nihoyasiga yetdi.

Yig‘inning to‘qqizinchi kunida okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Oybek Saidov yoshlarning harbiy qismda olgan taassurotlarni bilish va ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirganlariga yangi imkoniyatlar yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida gulxan atrofida uchrashuv o‘tkazdi.

Birin-ketin so‘zga chiqqan yoshlar, kasb-hunarga, tartib intizomga, tinchlikni va ota-onasini qadriga yetishni o‘rganganini ta’kidlab, buning barchasi, albatta, hukumatimizning yoshlarga qaratayotgan e’tiborida ekanini va ushbu olingan bilim hamda malakalari kelgusi hayotida katta burilish yasashini aytib, kelajakdagi rejalarini so‘zlab berishdi.

Oʻn kun davomida ushbu yigʻin ishtirokchilari bilan harbiy qismda jangovar, sport oʻyinlari, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar boʻyicha mashgʻulotlar hamda turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazildi.

Tantanali yopilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, viloyat sektor rahbarlari, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, DXX viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Marosimda yoshlarga egallagan mutaxassisligi boʻyicha sertifikatlar, turli sport musobaqlari hamda koʻrik-tanlovlarda gʻolib va sovrindor boʻlgan yoshlarga tashkilotchilarining kubok, diplom va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Tadbirda soʻz olganlar yoshlarning kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, harbiy qismda oʻrgangan tartib-intizomi, egallagan kasb-hunarlaridan va eng muhimi, hukumatimiz tomonidan ularga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini tilashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati