Toshkent harbiy okrugining eng ilgʻor mutaxassislari taqdirlandi

0
1320

Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilgan “Men gʻolib” shiori ostidagi musobaqalar gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

Tadbirda Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Akbar Karimov harbiy xizmatchilar erishgan yuqori natija va rekordlar bilan samimiy qutlab, ularning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Tadbirda qayd etilganidek, 2022-yilda Toshkent harbiy okrugi jamoalari “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan musobaqalarda 15 ta nominatsiya boʻyicha toʻqqizta oltin, toʻrtta kumush va ikkita bronza medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, “ArMI—2022” xalqaro armiya oʻyinlarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoa tarkibida mazkur harbiy okrugdan 56 nafar harbiy xizmatchi qatnashib, barchasi faxrli oʻrinlarga sazovor boʻldi.

– “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan “Desant vzvodi” musobaqasida jamoamiz bilan birgalikda 1-oʻrinni egalladik, – deydi kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Gʻiyos Rahmonov. – Ushbu bellashuv 5 ta shart asosida, “Kuchli iroda”, “Birgalikda biz kuchmiz”, “Poyga ustasi”, “Aniqlikka parashyut bilan sakrash”, “Eng ilgʻor mutaxassis” yoʻnalishida oʻtkazildi. Jamoamizning yakdil harakati va musobaqaga koʻrilgan puxta tayyorgarlik ishonchli gʻalabamizni taʼminladi. Kelgusida xalqaro musobaqalarda ham 1-oʻrinni egallab, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga tayyormiz.

Tantanali tadbirda “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan “Desant vzvodi”, “Chavandoz”, “Temur tuzuklari bilimdoni va kitobxon”, “Tinchlik jangchisi”, “Togʻ jangchisi”, “Sodiq doʻst”, “Otliq marafon”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Dala oshxonasi”, “Togʻ ishgʻol qilish guruhi”, “Maxsus tayinlangan guruh”, “Ishonchli qabul”, “Eng ilgʻor pulemyotchi mutaxassis”, “Eng ilgʻor granatamyot hisobi”, “Toʻmaris izdoshlari” kabi tanlov va musobaqalar gʻoliblariga qimmatbaho va esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli hamda Toshkent harbiy okrugi maʼnaviyat va maʼrifat markazi xonandalari ijrosidagi konsert dasturi barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti