Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi nazoratdan o‘tkazildi

1

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarning birida navbatdagi o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Boshqaruv apparati ofitserlari nazorati ostida berilgan “Yig‘in” signali barcha harbiy xizmatchilarga o‘z vaqtida etkazildi va qism jangovar shay holatga keltirildi.

O‘quv yig‘inining maqsadi va vazifalari qisqacha etkazilgandan so‘ng, barcha xizmat vazifasini bajarishga kirishdi. Saf tayyorgarligi nazorati jarayonida askarlarning yo‘l qo‘ygan kamchiliklari ko‘rsatilib, malakali harbiylar tomonidan ko‘rsatmalar berildi.

Qisqa muddat ichida jangovar shaylikka keltirish, jismoniy tayyorgarlikni namoyish etish, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, jangda yaralangan harbiylarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish singari amaliy mashg‘ulotlarda harbiylarning yuqori tayyorgarlikka ega ekanliklari namoyon bo‘ldi.

Dala-o‘quv maydonida o‘tgan otish tayyorgarligi jarayoni ham Vatan himoyachilarining chapdast va mohir ekanliklarining isboti bo‘ldi. Belgilangan nishonlar aniqlik bilan yo‘q qilindi.

Bunday o‘quvlar tinchligimiz posbonlarining jismoniy va ruhiy tayyorgarliklarini yanada mustahkamlash, jangovar vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanishini taьminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati