Aloqa harbiy institutida “Ochiq eshiklar kuni”

0
575

“Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida Zangiota tumani xalq taʻlimi boʻlimi va tuman maʻnaviyat boʻlinmasi bilan hamkorlikda “Ochiq eshiklar kuni” boʻlib oʻtdi.

Tadbir doirasida aloqa harbiy institutiga Zangiota tumani 1, 12, 38 hamda Sergʻali tumanining 300-sonli umumiy oʻrta taʻlim maktablarining “Vatan tayanchi” sinflarining oʻquvchilari tashrif buyurdi.

Yoshlar harbiy institutda kursantlarning taʻlim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy oʻquv va tematik sinflar, ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi hamda sport majmuasidagi bilan yaqindan tanishish bilan birga, oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Darhaqiqat, harbiy institutda mana shunday maʻnaviy-maʻrifiy tadbirlarning koʻplab oʻtkazilishi va ularda yoshlarning ishtirok etishi, oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatan himoyasiga boʻlgan qiziqishi ortishiga katta hissasini qoʻshadi.

Mashq maydonida esa oʻquvchilar uchun qurol-yarogʻ koʻrgazmasi tashkil etildi. Mehmonlar qurol-aslahalar va kursantlar tomonidan yaratilgan robotatexnika ko‘rgazmalarini zoʻr qiziqish bilan koʻzdan kechirishdi, hatto mezbonlarning ruxsati bilan ularni qoʻlga olib tomosha qilishdi. Tadbir soʻngida harbiy institutning kursantlari mehmonlar uchun qoʻl jangi elementlari va saf tayyorgarligi boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti