Harbiylar ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligiga  oid profilaktik tadbir o‘tkazildi

1

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi Boshqaruv apparatida “Yo‘l tartibni yoqtiradi” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Unda Toshkent garnizoni Harbiy avtomobilь nazorati xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari mayor Aziz Ahrorov ishtirok etdi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarga transport vositasini boshqarayotgan haydovchining yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga  qat’iy rioya qilishi, eng avvalo uning o‘zi, qolaversa yo‘lovchilar xavfsizligini kafolatlovchi eng muhim masala ekani tushuntirib o‘tildi.

Shuningdek, o‘tkazilayotgan mazkur tadbirdan maqsad, harakat xavfsizligini ta’minlash bilan bir qatorda, harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgani ham alohida ta’kidlandi.

– Qonun-qoidalarni bilmaslik yoki ularni unutib qo‘yish jazodan ozod qilinish uchun asos bo‘lolmaydi. Chunki, qonun barcha uchun barobar, unga hamma qaysi kasbda bo‘lishidan qat’iy nazar amal qilishi shart. Biz bugun ana shu haqiqatni yana bir bor harbiy xizmatchilarimizning yodiga solishga harakat qildik, – deydi tadbir tashkilotchisi podpolkovnik Orif Ahmedov.

Muloqot davomida harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, mavzuga oid videolavhalar namoyish etildi.

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati