Poytaxt ko‘chalarini bezagan davlatimiz bayroqlari

1

Kecha, 1 dekabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasi tashabbusi bilan  poytaxtimiz yo‘llari bo‘ylab Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni va O‘zbekiston Respublikasi Konstituttsiyasi qabul qilinganligining  27 yilligi munosabati bilan o‘ziga xos sog‘lomlashtirish marafoni o‘tkazildi.

Mazkur sog‘lomlashtirish marafonida akademiya shaxsiy tarkibidan tashqari harbiy pensionerlar, toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, talabalar hamda maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.

Olimpiada o‘yinlari asoschisi Per de Kuberten ta’kidlaganidek, «Eng muhimi g‘alaba qozonish emas, ishtirok etish» an’anasiga amal qilgan marafon ishtirokchilari Qurolli Kuchlar akademiyasi oldidan startga chiqishdi va 5 kilometrlik masofani qo‘llarida davlatimiz bayrog‘i bilan bosib o‘tishdi.

Aynan mana shu holat poytaxtimiz ko‘chalari bo‘ylab bayramona kayfiyatni olib kirdi. Chunki qatnashchilar qo‘llarida hilpiragan O‘zbekiston bayrog‘i Qurolli Kuchlar akademiyasi, Kichik xalqa yo‘li, Taraqqiyot ko‘chasi, «Ashxabod saylgohi» istirohat bog‘i, Mirzo Ulug‘bek shox ko‘chalariga yanada o‘zgacha chiroy bag‘ishladi.

Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga va Konstituttsiyamizning 27 yilligiga bag‘ishlab tashkillashtirilgan sog‘lomlashtirish marafoni 6 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqlab berdi.

O‘z yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlanishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va

ommaviy kommunikatsiyalar departamenti