Harbiylar va yoshlar ishtirokida Surxondaryoda “Noyob va betakror an’analarimizni sharaflaymiz” shiori ostida  festivalь o‘tkazildi

1

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy qismlarining birida harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Noyob va betakror an’analarimizni sharaflaymiz” shiori ostida  festivalь o‘tkazildi.

Unda Surxondaryo viloyati hokimligi, viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘limi, yozuvchi, shoir va baxshilar, viloyat musiqali drama teatri aktyorlari, Denov tumani ma’daniyat bo‘limi san’atkorlari ishtirok etdi.

Tashrif buyurgan mehmonlar va o‘quvchi yoshlarni harbiy orkestr shaxsiy tarkibi vatanparvarlik ruhidagi musiqalar bilan kutib oldi.

Tadbirda tuman hokimining o‘rinbosari Ilhom Karimov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i Firdavs Sharipov, Janubi-operativ yo‘nalishi boshqaruv guruhi boshlig‘ining podpolkovnik Zufarjon Yusupov va boshqalar so‘ngi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatanimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz osoyishtaligi va yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizning turli xududlaridan kelgan harbiy xizmatchilarni ot minishga o‘rgatish, do‘mbira chalish ko‘nikmasini shakllantirish, mardlik, jasorat, sadoqat kabi buyuk qadiryatlar ulug‘langan “Alpomish” dostoni mutolaasini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda harbiylar yig‘ilganlarni ot-egarlash, chavondozlik mahorati va uning sir-asrorlari bilan tanishtirdi.

Xalqaro baxshichilik festivali g‘olibi Ravshan baxshi baxshichilik san’ati  va tarixi bo‘yicha mahorat darsi o‘tib, “Alpomish” dostonidan parchalar kuyladi. Vatan, tinchlik, obodlik, jasorat va milliy qadriyatlarimiz ulug‘langan she’rlar o‘qildi. San’atkorlar tomonidan qo‘shiqlar ijro etildi.

Teatr aktyorlari “Alpomishning qaytishi” sahna ko‘rinishini namoyish etishdi.

Harbiy qism harbiy xizmatchilarining qo‘l jangi va faxriy qorovul shaxsiy tarkibining, shuningdek, mamlakatimiz va xalqaro arenalarda sovrindor bo‘lgan Denov tumani sport bo‘limi sportchilari tomonidan qilingan ko‘rgazmali chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Denov tumanida joylashgan maktablardan yig‘ilgan 540 nafarga yaqin o‘quvchi yoshga harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi va mahorat darslari o‘tkazildi.

Harbiy qismdagi mohir oshpaz harbiy xizmatchilari o‘rtasida mamlakatimizning 21 xil miliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha musobaqa uyushtirildi.

G‘olib deb topilgan mohir oshpazlar viloyat hokimligi hamda okrug qo‘mondonligi tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaxo sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati