Navoiy garnizonida xarbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi

1

“Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” munosabati bilan Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonida faxriylar, harbiy xizmatchilar hamda umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida  davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Navoiy viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi xodimlari, faxriylar kengashi va jamoatchilik kengashi a’zolari, DXX, IIB, Milliy gvardiya, Chirchiq oliy harbiy tank muhandislik-qo‘mondonlik bilim yurti ofitserlari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi.

So‘z olganlar tomonidan qisqa muddatda mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch hamda osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyamiz barpo etilgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyosini boyitish, ular o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, rezervga bo‘shatilgan yoshlarning ishga joylashishi va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi uchun yaratib berilgan imtiyozlar hamda“Temurbeklar maktabi” faoliyati  haqida fikr yuritildi.

Davra suhbati davomida harbiylikka ishtiyoqi baland o‘quvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan munosib javob olishdi.

Tadbir yakunida xarbiy xizmatchilar tomonidan kontsert dasturi tashkil etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati