Oʻzbekiston—Turkiya harbiy hamkorligi yangi bosqichda

0
945

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalardagi oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Mamlakatlarimizni mushtarak til va tarix, oʻxshash madaniyat va anʼanalarga asoslangan yaqin doʻstlik va qardoshlik munosabatlari birlashtirib turadi. Turkiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchi boʻlib tan olgani ham ana shu qardoshlikning yuksak ifodasi boʻlgan edi. 1996-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan. 2017-yil oktabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chogʻida mamlakatlarimiz hamkorligini strategik sheriklik darajasiga koʻtaradigan Qoʻshma bayonot imzolandi.

Oʻtgan qisqa vaqt davomida aloqalar strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro manfaatli doʻstona munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Barcha darajadagi muloqotlar keskin faollashdi. Oʻzbekiston va Turkiya xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini doimiy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonning joriy yil mart oyida yurtimizga tashrifi chogʻida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida koʻp qirrali Oʻzbekiston—Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 9 ta hujjat imzolandi. Harbiy hadli hukumatlararo bitim ana shulardan biri edi.

Joriy yilning 5-dekabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida harbiy hadli Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Harbiy hadli bitimda har ikkala tomonning suvereniteti va tengligiga oʻzaro hurmat asosida turli harbiy sohalardagi hamkorlik tomonlarning umumiy manfaatlariga va iqtisodiy samaradorligiga hissa qoʻshishi, Oʻzbekiston—Turkiya oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlar milliy qonunlar, xalqaro qoidalar va bitimlar asosida yuksalishi zarurli qayd etilgan.

Harbiy hadli bitimda qayd etilganidek, ikki davlat harbiy xizmatchilari oʻrtasida hamkorlikdagi qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari va oʻzaro tajriba almashish, harbiy taʼlim sohasida mahorat darslarini oʻtkazish hamda ikki tomonning nashriyotlarida ilmiy va boshqa maqolalarni chop etish, harbiy tibbiyot va sogʻliqni saqlash xizmatlari, kommunikatsiya, elektronika, axborot tizimlari va kiberxavfsizlik, kartografiya va gidrografiya, harbiy ilmiy va texnologik tadqiqotlar sohalarida maʼlumot va tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti