Nukus garnizonidagi “Vatanparvar” mahallasi boshqa mahallalarga har tomonlama o‘rnak bo‘lmoqda

38

Boshqa davlatlarda uchramaydigan mahalla boshqaruv tizimi chindan ham fuqarolarning tinch-totuv, inoqlikda yashashini ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, harbiy shaharchalarda muhim ahamiyat kasb etadi.

Chunki oila ustuni bo‘lmish ota kutilmagan vaziyatlarda uzoq va qisqa muddatlarda dala-o‘quv maydonlariga, xizmat vazifasini bajarish uchun oilasidan olisga ketishiga majbur bo‘ladi. Mana shunday vaziyatlarda uning oila a’zolari xotirjamligini ta’minlash, farzandlariga haqiqiy g‘amxo‘r bo‘lishda mahallaning roli beqiyos.

Nukus garnizonida joylashgan 1-son harbiy shaharchadagi “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini bugun ana shunday muhim vazifani bajarishda boshqa mahallalarga har tomonlama o‘rnak bo‘lmoqda.

Harbiy shaharcha hududida joylashgan ushbu mahalla faoliyati 2018 yilning 4 noyabrь kuni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, undagi jami 19 ta qo‘p qavatli uylarda 500 ga yaqin harbiy xizmatchilar hamda harbiy pensionerlar istiqomat qilishadi.

E’tiborlisi, shu yilning 14 avgust kuni respublika miqyosidagi jami harbiy mahallalar o‘rtasida Nukus garnizonidagi “Vatanparvar” mahallasi eng namunali deya e’tirof etilib, vazirlik tizimidagi barcha harbiy mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan tajriba almashish maqsadida o‘quv seminari o‘tkazilgan edi.

Harbiy shaharchadan joy olgan ushbu mahallada Vatan himoyachilarining oila a’zolari, ularning farzandlari hamda harbiy pensionerlar doimo e’tiborda. Ular ishtirokida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar uyushtiriladi. To‘y-hashamlar, hasharlar, bayram tadbirlari bu erda juda yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etiladi.

Mahalla o‘z fuqarolari uchun ikkinchi uyiga aylanib ulgurgan. Biror tadbir oldidan unda yashovchi oilalar shu erda jam bo‘lib, bir-birlari bilan maslahatlashadi, birgalikda tadbirga tayyorgarlik ko‘rishadi, birovning muammosiga birgalikda echim topishga harakat qilishadi. Mahallada hech bir fuqaroning muammosi chetda qolmagan. Mahalla hududida bitta bog‘cha va maktab mavjud.

– Mahallamizning eng menga yoqadigan tarafi harbiylar shaharchasi bo‘lganligi. Shahardagi boshqa mahallalarga qaraganda bizda ishlash oson deb o‘ylayman, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rayxon Bekniyazova. – Bizda istiqomat qilayotgan fuqarolar hammasi ona Vatanim deb vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan insonlar. Harbiy xizmatchilarimiz xizmatdan qaytayotganlarida ularning nima xayol bilan kelayotganligini, ichidan nima o‘tganlarini bir qarashda judayam yaxshi sezaman. Sababiki, o‘zim ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida 17 yil harbiy xizmatni o‘tadim. Hozirda nafaqadaman. Shuning uchun harbiylarning oilalarini ko‘proq yaxshi tushunaman, deb o‘ylayman. Ularga yordam berishga harakat qilaman. Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan barcha harbiy shaharchalarda mahalla fuqarolar yig‘inlari ochilganidan keyin harbiylar oilalariga juda katta yordam bo‘ldi. Oilalar bir-birlari bilan yanada yaqinroq tanishib, oilaviy tadbirlarni birgalikda o‘tkazyapti. Mahallamizdagi har bir oilaning muammolarini birgalikda echishni boshladik. Haqiqatdan ham, harbiy shaharchalarimizga ilgari mahallalar etishmas edi. Mana shunday ezgu maqsadlar bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar uchun muhtaram Prezidentimizdan minnatdormiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti