Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

7

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida 1 dekabrь “OITSga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “OITS  ajal elchisi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari, hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatida so‘z olganlar, avvalo, OITSning zararli oqibatlari xususida ishtirokchilarga ma’lumotlar berdi.

Darhaqiqat, Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda OIV infektsiyasi dunyoning barcha mamlakatlarini qamrab olgan. Mamlakatimizda ana shu xavfning oldini olish, unga qarshi kurash choralarini hamda aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish va tizimli olib borilishini ta’minlash borasida OITSga qarshi kurash markazi tomonidan mutasaddi tashkilotlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlarni OITS va uning salbiy oqibatlari haqidagi tushunchalarini, shuningdek,  sog‘lom turmush tarzi borasidagi bilimlarini mustahkamlash bugunning eng dolzarb masalalaridan biri sanaladi.

Bir so‘z bilan aytganda, asr vabosi sanalgan OITS xastaligi kelib chiqishining oldini olish, ushbu kasallik, uning   oqibatlari haqida fuqarolarga keng ma’lumotlar berish borasida  samarali ishlar olib borilmoqda.

Shu kabi fikr-mulohazalar bildirilgan tadbirda ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

Shoxruh SAIDOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti