Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi saylov targ‘ibotiga bag‘ishlangan videoselektor mashg‘uloti o‘tkazildi

7

Ma’lumki, joriy yil 22 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga saylovlar o‘tkaziladi. Mamlakatimizdagi ushbu muhim siyosiy jarayonlar oldidan Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida ham qator targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, qo‘mondonlik harbiy qismlarida tashkil etilgan saylov uchastkalari hay’at tarkibi uchun, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘quv markazi direktori, professor Shuhrat Fayziev ishtirokida “Harbiy shaharchalarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi” mavzusida videoselektor mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulotda saylovlarning mazmun-mohiyati, qonunchilik hujjatlari, demokratik saylovlarning asosiy printsiplari, shuningdek harbiy shaharchalarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi, o‘ziga xosligi, ushbu uchastkalarga Saylov okruglari tomonidan ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan yordamlar haqida harbiy xizmatchilarga ma’lumot berildi.

Harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldilar.

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati