MUDOFAA VAZIRLIGI TIZIMIDA ILK MAROTABA “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng yaxshi kutubxonachi” va “Eng ilg‘or madaniyat markazi boshlig‘i” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

24

Mudofaa vazirligi tizimida kutubxonalar ishini takomillashtirishga, madaniyat markazlari faoliyatining  sifati hamda samaradorligini oshirishga  alohida e’tibor berilmoqda.

Joriy yilda ilk marotaba o‘tkazilayotgan “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng yaxshi kutubxonachi” va “Eng ilg‘or madaniyat markazi boshlig‘i” ko‘rik-tanlovi esa bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Shu yilning avgust oyida barcha harbiy okruglarda mazkur ko‘rik-tanlovlarning saralash bosqichi o‘tkazildi. Bellashuvlarda 50 nafarga yaqin madaniyat markazi boshliqlari, 100 dan ortiq kutubxonachilar ishtirok etdi. 80 dan ortiq kutubxonalar faoliyati o‘rganildi.

Nihoyat, Qurolli Kuchlar davlat muzeyida  ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy okruglardan saralangan 18 nafar madaniyat markazi boshliqlari va kutubxonachilar ishtirok etdi. Bellashuvlarni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona xodimlari hamda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

Tanlov ishtirokchilari dastavval o‘z yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarini topshirdilar. Ikkinchi shartda esa ular faoliyati davomida amalga oshirayotgan ishlarini videorolik va slaydlar orqali namoyish qilib,  ma’naviy-ma’rifiy ishlar, madaniy-hordiq tadbirlarini tashkil etish borasida qanchalik bilim va tajribaga ega ekanliklarini namoyish qilishdi. Bellashuvlarda ishtirokchilarning sohaga doir me’yoriy hujjatlardan qanchalik boxabarligi, kutubxona fondini shakllantirish va kitobxonlar bilan ishlash ko‘nikmasi, o‘tkaziladigan tadbirlarning rejasi va stsenariysini tuzish malakasi hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlari ham sinovdan o‘tkazildi.

Hakamlar hay’ati baholash jarayonida madaniyat markazlarida tashkil etilgan badiiy havaskorlik to‘garaklari faoliyati qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga ham ahamiyat berishdi. Kutubxonachilarning bajargan ishlar bo‘yicha hisobotlari, o‘tkazgan tadbirlari bo‘yicha fotoalьbomlar jamlanmasi ko‘zdan kechirildi.

Qizg‘in va bahs-munozaraga boy o‘tgan ko‘rik-tanlov nihoyasida g‘oliblar aniqlandi.

Unga ko‘ra, Toshkent harbiy okrugiga qarashli Angren shahrida joylashgan harbiy qism kutubxonasi  “Eng yaxshi kutubxona” deb topildi.

“Eng yaxshi kutubxonachi” ko‘rik-tanlovida esa Qurolli Kuchlar xizmatchisi Inobat Ermatova (Sharqiy harbiy okrug) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qurolli Kuchlar xizmatchisi Dilfuza Ergasheva “Eng ilg‘or madaniyat markazi boshlig‘i” e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarga mukofotlarni mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Xamdam Qarshiev topshirdi.

Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti