Qurolli Kuchlar miqyosida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or mutaxassis” tanlovining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

27

O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli  Jizzax viloyatidagi «Forish» tog‘ dala-o‘quv  poligonida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari miqyosidagi «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Ushbu nufuzli musobaqada Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy okrug va bo‘linmalar bilan bir qatorda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘zaro kuch, salohiyat va kasbiy mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

«Men g‘olib!» shiori ostida o‘tkazilgan mazkur musobaqa harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ular orasidan eng ilg‘orlarini aniqlab, mas’ul lavozimlarga tayinlash hamda istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish, kichik va o‘rta komandirlik lavozimidagi harbiy xizmatchilarning professional intilishini rag‘batlantirish, kasbiy mahorati va bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan.

Okruglar miqyosida saralab olinib, tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar «Eng ilg‘or harbiy qism komandiri», «Eng ilg‘or batalьon komandiri», «Eng ilg‘or vzvod komandiri», «Eng ilg‘or guruh komandiri», «Eng ilg‘or serjant» nominatsiyalari bo‘yicha bellashdi.

Dastlab jismoniy tayyorgarlik hamda otish tayyorgarligi bo‘yicha belgilangan me’yorlarni muvaffaqiyatli bajargan tanlov ishtirokchilari qisqa vaqt ichida avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘qdonni o‘q bilan to‘ldirish va bo‘shatish, nishonlarga o‘q otish, granata uloqtirish kabi topshiriqlarni bajardi. Bundan tashqari, turnikda tortilish, 100 metr va 3 kilometr masofaga yugurish, «Razvedkachilar yo‘lagi» majmuaviy to‘siqlaridan o‘tish bo‘yicha amaliy me’yorlar bo‘yicha ko‘nikmalarini namoyish etishdi.

Besh kun davom etgan bellashuvda harbiy topografiya, texnik va taktik tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan amaliy topshiriqlar, mutaxassislik bo‘yicha test sinovi, o‘quv filьmi va referatlar tekshirildi. Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan mas’ul ofitserlardan iborat hakamlar hay’ati har bir lahzani sinchiklab kuzatdi va xolisona baholadi.

Tanlovning tantanali yopilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ushbu musobaqaning nufuzi yildan-yilga yuksalib borayotgani erishilgan yuqori natijalarda yaqqol aks etganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari 2020 yil 14 yanvarь – Vatan himoyachilari kunida tantanali tarzda taqdirlanadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti