Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda o‘tgan tadbirda saylov targ‘iboti bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi 

25

Nukus garnizonidagi harbiy shaharcha hududida tashkil etilgan saylov uchastkasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik jarayoni borasida “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar. Saylov qonunchiligida amalga oshirilgan islohotlar” mavzusida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi huquq-targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Abilqosim Otavaliev, Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi vakili podpolkovnik Jahongir Qalandarov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Nuriddin Qodirov, Nukus harbiy prokurorining o‘rinbosari adliya kapitani Temurxon Muhiddinov hamda saylov jarayonlariga bevosita mas’ul bo‘lgan harbiy qismlardan vakillar ishtirok etdi.

Majlisda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda Markaziy saylov komissiyasining shu yil 11 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar batafsil etkazildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarini ilgari surgan.

Shuningdek, tadbir doirasida saylov jarayonlarini o‘tkazish tartibi va qonun-qoidalari bo‘yicha mashg‘ulot tashkil etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti