Harbiylarning farzandlari  “Sahrodagi Luvr”ga sayohat qildi

12

Bugun, 26 noyabr kuni Nukus garnizonida xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining farzandlari Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga sayohat qildi.

Muzey 1966 yilda tashkil topgan bo‘lib, 1984 yildan buyon uning vujudga kelishida katta hissa qo‘shgan va qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlarini to‘plagan Savitskiy nomi bilan ataladi.

Muzey xalq amaliy san’ati, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920-30 yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rang-tasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlar, 10 ming asarga ega kutubxona va asarlar fondiga ega.

O‘quvchilarning ushbu muzeyga uyushtirgan ekskursiyasi ularning Vatanimiz shonli tarixiga bo‘lgan qiziqishi va hurmatini yana bir bor oshirdi. Ular muzeydan o‘rin olgan har bir eksponatni katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Albatta, ularda bir dunyo savollar tug‘ildi. Muzey katta ilmiy xodimi Islombek Saitboev bolajonlar tomonidan berilayotgan savollarga batafsil javob berar ekan, o‘quvchilar qalbida uyg‘onayotgan ajib tuyg‘ularga sherik bo‘lardi, go‘yo.

– Muzeyimiz xalq tilida bejizga “Sahrodagi Luvr” deb nomlanmaydi. Bu nomni muzeyning boy va qimmatli eksponatlari bilan tanishgan xorijlik sayyohlar va soha mutaxassislari berishgan, – deydi Islombek og‘a. – Muzeyimizda nafaqat o‘z xalqimizning tarixiga oid qimmatli eksponatlar, balki dunyoning mashhur muzeylarida saqlanayotgan noyob buyum va topilmalarning nusxalari ham saqlanadi.

Jajji bolajonlarning muzeyga tashrifi, albatta, ular xotirasida uzoq saqlanadi. Boisi, tarix bilan yuzlashgan odam o‘z qalbiga, ichki dunyosiga va kelajagiga nazar tashlaydi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti