28 noyabr kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida Turkiya mudofaa vakillari bilan hamkorlikda xalqaro anjuman o‘tkaziladi

19

Turkiya Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlik rejasiga muvofiq, joriy yilning 28 noyabrь kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida “Turkiya Qurolli Kuchlarini zamonaviy harbiy mojarolarda, Afg‘oniston va Yaqin Sharqda yuzaga kelayotgan vaziyat sharoitida qo‘llash tajribasi” mavzusida xalqaro harbiy-ilmiy anjuman o‘tkaziladi.

Mazkur anjumanning asosiy maqsadi zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyatlari bo‘yicha ma’lumot va qarashlar almashish uchun maydon yaratish, ularda qurolli kuchlar bo‘linmalarini Turkiya armiyasi misolida qo‘llash tajribasini o‘rganish.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, tinglovchi va kursantlar hamda respublikaning boshqa vazirlik va idoralari oliy harbiy ta’lim muassasalari xodimlari, Turkiya tomonidan Milliy mudofaa universiteti

va Turkiya Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari ishtirok etadilar.

Anjuman yalpi majlis va uchta mavzuviy shu’badan iborat bo‘ladi.

Yalpi majlisda dunyoda va mintaqada yuzaga kelayatgan harbiy-siyosiy vaziyat, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik hamda zamonaviy harbiy mojarolarda Turkiya Qurolli Kuchlarini qo‘llash tajribasi, operatsiyalar mobaynida qo‘shinlarni boshqarish, ularni har tomonlama ta’minoti va jangovar tayyorgarlik tizimini moslashtirish bo‘yicha ma’ruzalar tinglanadi.

Shuningdek, Turkiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkaziladi, unda ikki mamlakat oliy harbiy ta’lim muassasalari bilan harbiy kadrlarni tayyorlash va pedagogik faoliyat bo‘yicha tajriba almashuvi masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘llari muhokama qilinadi.

Anjuman davomida Turkiya Mudofaa vazirligi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar, masofadan o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘lgan mavzuviy sinflar, axborot-resurs markazi va akademiya muzeyi bilan tanishadilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti