O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga yoshlarning sayohati tashkillashtirildi

31

Mustaqil O‘zbekistonimiz kelajagining yanada porloq bo‘lishi bugungi yosh avlodga berilajak ta’lim va tarbiyaga bog‘liq albatta.

Shu jihatdan, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida ulg‘aytirish hamda milliy armiyamizning qudrati va bo‘lajak ofitserlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida Qarshi shahrida joylashgan 9-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchilari O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga sayohati uyushtirishdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi hamda bilim yurti rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tashrif davomida o‘quvchilarga avvalo bilim yurtining tashkil etilishi va uning milliy armiyamizda tutgan o‘rni haqida ma’lumotlar berildi. Shundan so‘ng ular oliygoh maydonida joylashgan harbiy samolyot va vertolyotlar bilan tanishib, sport maydoni tomon yo‘l olishdi.

U yerdagi qulay sharoitdan hayratlangan holda, sport anjomlarida havas bilan mashqlar bajarishdi. Kompyuterlardagi nazariy uchish mashg‘ulotlari o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Harbiy bilim yurtining muzeyi joylashgan xonada o‘quvchilarga barcha turdagi samolyot va vertolyot maketlari hamda ulardagi zarur jihozlarning avvalgi va bugungi ko‘rinishi namoyish etildi.

Habiy uchuvchilik sohasining tarixiy shaxslari va texnikalar haqida so‘zlovchi elektron burchakdan ko‘plab ma’lumotlar olishdi. Yotoqxona sharoitlarini ko‘zdan kechirgan bolalar qalbida ushbu bilim yurtida ta’lim olish orzusi uyg‘ongani, shubhasiz.
Iqtidorli kursant tomonidan ijro etilgan musiqalar sayohatga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Tashrif yakunida o‘quvchilar mezbonlar tomonidan shirinliklar bilan mehmon qilindi.

Ekskursiyadan barcha yoshlar olam-olam taassurotlar bilan xushnud qaytishdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati